O‘zDSMIda kutubxona sohasi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining kutubxona fondlari va bibliografiyashunoslik kafedrasi hamkorligida «Raqamlashtirish davridagi kutubxona sohasi ekotizimi: hamkorlik, integratsiya va innovatsiyalar» mavzusida I xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyani institut rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, kutubxonachilik har bir davrning eng ilg‘or va faxrli sohasi hisoblanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Eldor Shermanov texnologiyalar asrida mazkur soha ham zamonaviylikdan ortda qolmasligi lozimligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, kutubxonachilik kafedrasi professori Ibrohim Yo‘ldoshev hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva ishtirokchilarga tabrik so‘zlarini yo‘lladi.

Yalpi majlisda Respublikamiz professor, fan doktor, olim va ziyolilari bilan bir qatorda Rossiya va Qozog‘iston oliygohlaridan tashrif buyurgan soha mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Qolaversa, ko‘pgina xorijiy oliygoh vakillari Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etishdi.

Bundan tashqari, institut hududida sho‘balar tashkil etilib, unda «Kutubxonashunoslik, bibliografiya va hujjatshunoslik tadqiqotlarining ustuvor yo‘nalishlari», «Kutubxona fanidagi raqamli texnologiyalar, hamkorlik va innovatsiyalar integratsiyasi jarayonlari va ularning xalqaro munosabatlar rivojiga ta’siri» hamda «Axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini jadallashtirish va raqamli muhitda kadrlar tayyorlash» kabi mavzular muhokama qilindi.

Konferensiya so‘ngida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.