18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Mağrur hilpirayver, Vatan bayroği!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Sayfullo Ikramov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Davlat bayrog‘ining xalqimiz hayotidagi beqiyos o‘rni, milliy o‘zligimiz, mustaqilligimiz, g‘urur va iftixorimizning yorqin timsoli sifatidagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, davlat ramzlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularni ardoqlash va yosh avlod qalbida Vatanga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Tadbirning ilmiy-ma’rifiy qismida Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi raisi, tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yaratilish tarixi, undagi ranglar va ramzlarning mazmun-mohiyati, ular ifoda etadigan ezgu g‘oyalar hamda milliy qadriyatlarimiz haqida atroflicha so‘z yuritildi. Ayniqsa, davlat ramzlarining yosh avlodda milliy g‘urur, tarixiy xotira, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishdagi o‘rni va ahamiyati alohida qayd etildi.

Shundan so‘ng tadbir institut professor-o‘qituvchilari, taniqli san’atkorlar hamda iqtidorli talabalar ishtirokida tayyorlangan badiiy dastur bilan davom etdi. Dasturdan Vatan, istiqlol, milliy g‘urur va yurtga muhabbatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, she’riy chiqishlar hamda badiiy kompozitsiyalar o‘rin oldi.

Tadbir davomida institut professor-o‘qituvchilari va talabalari qalbida Davlat bayrog‘iga bo‘lgan chuqur hurmat, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ulari yana bir bor namoyon bo‘ldi. Ishtirokchilarga bayrog‘imizdagi rang va belgilar xalqimizning tarixiy ildizlari, ezgu orzu-intilishlari, do‘stlik, tinchlik va taraqqiyotga bo‘lgan intilishini ifodalashi haqida ham so‘z yuritildi.

Mazmunan boy ma’ruza va ko‘tarinki ruhdagi badiiy chiqishlar bilan yodda qolgan tadbir ishtirokchilarda milliy o‘zlikni anglash, tarixiy qadriyatlarimizga hurmat, ona Vatanga muhabbat va davlat ramzlariga yuksak ehtirom tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Zero, Davlat bayrog‘i – xalqimizning sha’ni va g‘ururi, mustaqilligimiz hamda buyuk kelajakka bo‘lgan ishonchimizning yorqin ifodasidir!