GRANT UCHUN ARIZA TOPSHIRISH

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, ta’lim granti ikkinchi va undan yuqori kurslarda tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida har o‘quv yili yakunlari bo‘yicha qayta taqsimlanadi.

Ta’lim grantlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi), ta’lim tili va kurslar kesimida alohida qayta taqsimlanadi.

Kimlar ta’lim grantiga talabgor bo‘lishi mumkin?

Ta’lim granti ajratilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoki magistratura mutaxassisligining ikkinchi va undan yuqori kurslarida tahsil olayotgan hamda ta’lim grantini qayta taqsimlashda ishtirok etish istagini bildirgan talabalar tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Tanlovda ishtirok etish uchun talabaning joriy o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi.

Ta’lim grantining turlari

To‘liq ta’lim granti – bir o‘quv yili uchun beriladi, o‘qitish xarajatlari Davlat budjetidan to‘liq qoplanadi hamda talaba umumiy tartibda stipendiya bilan ta’minlanadi.
To‘liq bo‘lmagan ta’lim granti – bir o‘quv yili uchun beriladi, to‘lov-kontrakt summasining 50 foizi Davlat budjetidan qoplanadi, bunda talaba umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanmaydi.

Talabgorlar qanday baholanadi?

Ta’lim grantiga talabgorlarning natijalari 100 ballik tizimda baholanadi:
Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi – 80 ballgacha.
Talabaning akademik ko‘rsatkichi uning tegishli o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichini 16 soniga ko‘paytirish orqali aniqlanadi.
Ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi – 20 ballgacha.
Ijtimoiy faollik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 149-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ilova qilingan baholash mezonlari asosida tegishli komissiya tomonidan aniqlanadi.
Akademik va ijtimoiy faollik ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘plangan ballar umumlashtirilib, talabgorlar jami ballar ketma-ketligi bo‘yicha saralanadi.
Tanlov chegarasida ikki yoki undan ortiq talabgorning jami ballari teng bo‘lgan taqdirda, akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan talabgorga ustuvorlik beriladi.
Agar jami ball ham, akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi ham teng bo‘lsa, talabgorlar uchun o‘zlashtirilgan semestrlardagi mutaxassislik fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.

Ariza topshirish tartibi

Ta’lim grantini qayta taqsimlash tanlovida ishtirok etish istagini bildirgan talabalar arizani my.hemis.uz axborot tizimi orqali elektron shaklda topshiradilar.
Ariza topshirish uchun talaba my.hemis.uz tizimiga o‘zining shaxsiy login va paroli orqali kirib, grant uchun ariza topshirish bo‘limidan foydalanadi.
Arizani yuborishdan oldin tizimga kiritilgan ma’lumotlar va ilova qilingan tasdiqlovchi hujjatlarning to‘g‘riligi hamda to‘liqligini tekshirish tavsiya etiladi.
Ta’lim grantlarini qayta taqsimlash jarayonining aniq muddatlari institut rektori tomonidan belgilanadi va institutning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Nizomda jarayon bosqichlarining aniq muddatlari o‘quv yilining davomiyligidan kelib chiqib belgilanishi nazarda tutilgan.
GRANT UCHUN ARIZA TOPSHIRISH

APELLYATSIYA

Ta’lim grantini qayta taqsimlash jarayonida akademik o‘zlashtirish yoki ijtimoiy faollik ko‘rsatkichlari bo‘yicha e’lon qilingan natijalardan norozi bo‘lgan talabgor apellyatsiya berish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 20-bandiga muvofiq, har bir ko‘rsatkich bo‘yicha natijalar e’lon qilinganidan so‘ng 48 soat davomida apellyatsiya berish imkoniyati yaratiladi.
Apellyatsiya qachon beriladi?
Apellyatsiya uchun belgilangan 48 soatlik muddat tegishli akademik yoki ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi bo‘yicha natijalar e’lon qilingan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
Shu sababli talabgorlarga natijalar e’lon qilingandan so‘ng ularni o‘z vaqtida tekshirish tavsiya etiladi.
Apellyatsiya qanday beriladi?
Natijadan norozi bo‘lgan talabgor belgilangan muddat davomida my.hemis.uz axborot tizimi orqali tegishli natija yuzasidan apellyatsiya arizasini elektron shaklda taqdim etadi.
Apellyatsiya arizasida talabgor e’tiroz bildirayotgan natija va e’tiroz sabablarini aniq ko‘rsatishi lozim.
Kelib tushgan apellyatsiya arizasi tegishliligiga ko‘ra akademik o‘zlashtirish yoki ijtimoiy faollik ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Apellyatsiya arizalari uch kun muddat ichida ko‘rib chiqiladi.
Muhim! Apellyatsiya berish uchun ajratilgan 48 soat natijalar e’lon qilinganidan keyin hisoblanadi. Apellyatsiya berishni oxirgi vaqtga qoldirmaslik tavsiya etiladi.
APELLYATSIYA BERISH

Natijalarni e’lon qilish

Akademik o‘zlashtirish, ijtimoiy faollik hamda ta’lim grantini qayta taqsimlash jarayoni bo‘yicha aniqlangan natijalar institutning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Maxsus komissiya tomonidan shakllantirilgan ro‘yxat institut Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Institut Kengashi har yili 20-avgustga qadar ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Kengash qaroriga asosan ta’lim grantini oluvchi talabalarning yakuniy ro‘yxati har yili 25-avgustga qadar institutning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.