
Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilayotgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” Xalqaro mediaforumi doirasida Turkiyaning “Tarih TV” telekanali bosh rejissyori Muhammet Karliaga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi.
Tashrif dastlab institut rahbariyati bilan uchrashuvdan boshlandi. Mehmonni O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Sobir Madiyev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov hamda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Shohbek Ergashev kutib oldi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy-madaniy mushtaraklik, ikki mamlakatning san’at va media sohasidagi aloqalarini yanada rivojlantirish, zamonaviy media makonida tarixiy-madaniy merosni targ‘ib etish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, “Tarih TV” bilan institut o‘rtasida ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma media va audiovizual loyihalarni amalga oshirish, talabalar hamda yosh ijodkorlarning professional tajribasini oshirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi.
Shundan so‘ng Muhammet Karliaga ishtirokida institut professor-o‘qituvchilari bilan davra suhbati tashkil etildi. Muloqot davomida zamonaviy televideniyeda tarixiy mavzularni yoritish, tarixiy voqelikni ekran tiliga ko‘chirish, hujjatli va ilmiy-ommabop kontent yaratishning o‘ziga xos jihatlari, rejissyorlik mahorati hamda raqamli texnologiyalarning media industriyasiga ta’siri xususida so‘z yuritildi.
“Tarih TV” tajribasi misolida tarixiy kontentni zamonaviy auditoriyaga taqdim etish usullari, milliy madaniy merosni xalqaro media makonida targ‘ib qilish va bu jarayonda ijodkorlarning mas’uliyati borasida bildirilgan fikrlar davra suhbati ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif davomida mehmon institutning ta’lim va ijodiy faoliyati, professor-o‘qituvchilar salohiyati hamda yosh ijodkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan ham yaqindan tanishdi.
Muhammet Karliaga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutidagi ijodiy muhit va samimiy muloqot unda ijobiy taassurot qoldirganini ta’kidladi.
Mazkur tashrif Xalqaro mediaforum doirasidagi professional muloqotlarni bevosita san’at va media ta’limi muhiti bilan bog‘lash, shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya ijodkorlari o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini shakllantirish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.

