Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda institutning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Sobir Madiyev jamoani eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz — Mustaqilligimizning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi. U barchaga mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik hamda ta’lim, ilm-fan, madaniyat va san’at rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, inson qadrini ulug‘lash va xalqimiz farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda fidoyi yurtdoshlarimiz o‘z bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati hamda ezgu tashabbuslari bilan faol ishtirok etmoqda. Ularning el-yurt oldidagi munosib xizmatlarini qadrlash yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shundan so‘ng institutda samarali faoliyat yuritib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ta’lim sifatini oshirish, ilm-fan, madaniyat va san’atni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 39 nafar professor-o‘qituvchi hamda xodimlarga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur esdalik nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-iyundagi Farmoniga muvofiq ta’sis etilgan bo‘lib, taqdirlash 2026-yil 22-avgustdagi PF–168-son Farmon asosida amalga oshirildi.

O‘z navbatida, taqdirlangan ustozlar Mustaqillikning xalqimiz hayotidagi beqiyos ahamiyati, mamlakatimizda ta’lim, ilm-fan, madaniyat va san’at sohalariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor xususida fikr bildirdilar. Ular ushbu esdalik nishonini ko‘p yillik mehnati va faoliyatiga berilgan yuksak baho, ayni paytda, yanada katta mas’uliyat sifatida qabul qilishlarini ta’kidlab, bildirilgan ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirdilar.