“Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at ta’limini rivojlantirish: sifat, innovatsiya va uzluksizlik” mavzusidagi Madaniyat vazirligi tizimidagi ta’lim tashkilotlarining Respublika kengashi o‘quv-seminari kunning ikkinchi yarmida sho‘balar kesimida davom ettirildi.

Shu doirada hududiy madaniyat boshqarmalari boshliqlari hamda ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha bosh mutaxassislar uchun o‘quv-seminar, shuningdek, “Oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari taqdimoti” birgalikda tashkil etildi.

Tadbirni Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev ochib berdi. U hududlarda madaniyat va san’at ta’limi tizimini samarali tashkil etish, ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda ta’lim sifatini yanada oshirish bugungi kundagi ustuvor vazifalardan ekanini ta’kidladi. Shuningdek, hududiy boshqarmalar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, mavjud muammolarni tizimli o‘rganish va ularning yechimi bo‘yicha aniq choralarni belgilab borish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.

Shundan so‘ng Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari rahbarlari tomonidan 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda 2026/2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotlar qilindi.

Jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Sobir Madiyev ham so‘zga chiqib, institutning o‘tgan o‘quv yilidagi faoliyati va yangi o‘quv yiliga mo‘ljallangan rejalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, 2025/2026-o‘quv yilida institutda akademik faoliyatni takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, xalqaro hamkorlik va akademik mobillikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish hamda iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash borasida qator natijalarga erishildi.

Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilida bakalavriat va magistratura o‘quv rejalarini TOP-300 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari dasturlari asosida takomillashtirish, institutning ilmiy salohiyatini 63 foizga yetkazish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy malaka oshirish va stajirovkalardagi ishtirokini kengaytirish, talabalar akademik mobilligini kuchaytirish hamda ta’lim, ilm-fan va ijodiy jarayonlarga zamonaviy va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilanganini qayd etdi.

Tadbir yakunida bu kabi uchrashuvlarni har chorakda bevosita yoki masofaviy shaklda o‘tkazib borish, hududlardagi ta’lim muassasalarida mavjud muammolarni tizimli o‘rganish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini muntazam tahlil qilib borishga kelishib olindi.