
Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Sobir Madiyev tomonidan talabalar bilan navbatdagi ochiq muloqoti tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida institut rahbariyati talaba-yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, keyingi o‘n yillikda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bugungi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “35 000 tashabbus” umummilliy loyihasi haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Talabalarga loyiha doirasida ta’lim, fan, texnologiya, ekologiya, tadbirkorlik, madaniyat va boshqa yo‘nalishlardagi innovatsion g‘oya hamda tashabbuslarni joriy yilning 1–31-avgust kunlari maxsus platforma orqali taqdim etish imkoniyati mavjudligi tushuntirilib, ularning ushbu loyihada faol ishtirok etishga chaqirildi.
Uchrashuv davomida yangi 2026/2027-o‘quv yilida institutda faoliyat yuritadigan ijodiy, ilmiy va sport to‘garaklari faoliyatini yanada takomillashtirish, talabalarning qiziqish va iqtidoridan kelib chiqib yangi to‘garaklarni tashkil etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda yoshlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Shu bilan birga, bugungi kunda innovatsiyalar, sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishlarining jadal rivojlanayotgani qayd etilib, talabalarning zamonaviy raqamli texnologiyalarni o‘rganishi, ushbu yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarini oshirishi, innovatsion loyihalarda faol ishtirok etishi davr talabi ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Institut rahbariyati tomonidan bildirilgan taklif va fikrlar yuzasidan batafsil javoblar berilib, yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliyotga tatbiq etish hamda yangi o‘quv yilida talabalarning har tomonlama rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yanada kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi.

