2026-yil 27–30-iyul kunlari O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rasmiy delegatsiyasi Belarus Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi. Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi hamda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiyaning muzokaralari davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi sifatida tashkil etildi.

Xizmat safaridan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’limni raqamli transformatsiya qilish, madaniyat sohasida zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha Belarusning ilg‘or tajribasini o‘rganish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.

Institut delegatsiyasi tarkibida Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi boshlig‘i Maksim Savochkin hamda “Axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori (DSc), dotsent Aziza Kurbanova ishtirok etdi. Tashrifda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Raqamlashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jasurbek Shermuhammedov ham qatnashdi.

Xizmat safari davomida delegatsiya Belarus davlat madaniyat va san’at universiteti, A.K. Glebov nomidagi Minsk davlat badiiy kolleji hamda Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti (BGUIR) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Belarus davlat madaniyat va san’at universitetida delegatsiyani universitet rektori Natalya Karchevskaya, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Svetlana Shparlo, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor Yelena Korsakova, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Vadim Samatiya, o‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Yelena Kiseleva, axborot texnologiyalari va texnik o‘qitish vositalari bo‘limi boshlig‘i Igor Levin hamda madaniyat sohasida axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri Tatyana Jilinskaya kutib oldilar.

Delegatsiya universitetning Sport va madaniyat markazi, muzeyi, kutubxonasi hamda zamonaviy kompyuter auditoriyalarini ko‘zdan kechirib, ta’lim va ilmiy infratuzilma, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda raqamli ta’limni tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajriba bilan yaqindan tanishdi. Muzokaralar davomida ta’limni raqamlashtirish, madaniyat sohasi uchun zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash, o‘quv jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sun’iy intellektni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, yozgi maktablar, stajirovkalar, qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda boshqa ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya A.K. Glebov nomidagi Minsk davlat badiiy kollejiga tashrif buyurdi. Kollej direktori Aleksandr Shantarovich hamda o‘qituvchi Yuliya Sergeyeva delegatsiya a’zolarini o‘quv auditoriyalari, ixtisoslashtirilgan ustaxonalar va ijodiy laboratoriyalar bilan tanishtirdilar. Ayniqsa, grafik dizayn, multimedia dizayni, animatsion dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash tizimi, badiiy ta’limda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish hamda amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim modeli delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi.

29-iyul kuni delegatsiya **Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti (BGUIR)**ga tashrif buyurdi. U yerda universitet rektori Vadim Bogush, Ta’lim xizmatlarini ilgari surish markazi boshlig‘i Andrey Ushkurov hamda Masofaviy ta’limni rivojlantirish markazi boshlig‘i o‘rinbosari Anna Tereshkova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar raqamli ta’limni rivojlantirish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, akademik mobillikni kengaytirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashdilar. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasida BGUIRning elektron marketing, raqamli marketing, axborotni boshqarish tizimlari, sun’iy intellekt hamda axborot tizimlari va texnologiyalari (o‘yin industriyasida axborot tizimlari va texnologiyalari) yo‘nalishlari alohida qiziqish uyg‘otdi.

Belarus tomoni professor-o‘qituvchilarni tayyorlash, talabalar stajirovkalarini tashkil etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazish hamda qo‘shma ilmiy va ta’lim loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu esa O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti uchun ta’lim jarayonini raqamli transformatsiya qilish, zamonaviy IT yechimlarini joriy etish va xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish borasida muhim imkoniyatlarni yaratadi.

Xizmat safari yakunlari O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti uchun Belarusning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yangi istiqbollarni ochib berdi. Eng muhimi, ushbu tashrif O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida davlat rahbarlari hamda ikki mamlakat madaniyat sohasidagi idoralar darajasida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.