Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Sun Mun universiteti delegatsiyasi vakillari tashrif buyurdi.

Delegatsiya tarkibida universitet prezidenti Seong Jea Mun, oliygoh professori Eduard Kim, Chungnam ICT/SW biznes kengashi prezidenti Sung Hvan Li, universitet professor assistenti Songe Kim institutimiz rahbariyati bilan uchrashdi.

«Koreys xalqi bizning eng qadrdon do‘stlarimizdan biri hisoblanadi. Mamlakatingizga tashrifimiz davomida bunga amin bo‘lganman. O‘zaro hamkor aloqalarining amaliy tus olishi bizni behad mamnun etadi. O‘zbekistonda Koreya madaniyatiga hurmat bilan yondashadigan insonlar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Sun Mun universitetining Koreyadagi eng ilg‘or oliygohlardan biri ekanligiga guvoh bo‘ldik. Tashrifingizdan mamnunmiz», — dedi institutimiz rektori v.b. Eldor Shermanov.

O‘z navbatida Sun Mun universiteti prezidenti ham hamkorlikdan minnatdor ekanligini ta’kidladi:

«Bizni yaxshi kutib olganingiz uchun tashakkur aytmoqchiman. O‘zbekistonga ilk marotaba tashrif buyurdik va mazkur dargohga kelishni intiqlik bilan kutayotgandim. Hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan islohotlarga tayyormiz. Bugungi kunda universitetimizda 160 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi. Shuningdek, ta’lim markazimizda 500 nafar o‘zbekistonlik koreys tilini o‘rganmoqda. Ishonamanki, ular o‘zlashtirgan bilimlari bilan mamlakatingiz rivojiga hissa qo‘shadi. Bizda tahsil olish istagida bo‘lgan talabalarni dargohimizga qabul qilishga tayyormiz», — dedi doktor Seong Jea Mun.

ICT/SW biznes kengashi prezidenti Sung Hvan Li esa o‘zbekistonlik talabalarni kelgusida ish bilan ta’minlashni maqsad qilganini ta’kidladi:

«O‘zbekiston ishlab chiqarish bozori bizni qiziqtirmoqda. Bu yerda o‘rta va kichik biznesda hamkorlar bilan ishlashni maqsad qilganmiz. Biz bir nechta viloyat hokimlari bilan suhbatlashdik. Shu bilan birga, madaniyat sohasida tahsil olayotgan talabalarni ham madaniyat markazlarimizga jalb etishni rejalashtirganmiz. Kelgusida o‘zaro aloqalarimiz kuchayishiga tilakdoshman».

Ikki oliygoh vakillari kelgusidagi istiqbolli rejalarni muhokama qilishib, kelishuvga erishishdi.

Shuningdek, mehmonlar dars jarayonlariga tashrif buyurib, professor-o‘qituvchilar va talabalarning imkoniyatiga yuqori baho berdi.