Anjumanni ochib berar ekan, Kinematografiya agentligi direktori, professor Shuhratilla Rizayev bugun bildiralajak fikrlar, ilmiy ma’ruzalar avvalo, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlanishi uchun xizmat qilishi, shuningdek, jahon va o‘zbek kinosining bugungi kuni, kuzatilayotgan yangiliklar va ertangi taraqqiyoti haqida muhim ma’lumotlarga boy bo‘lishiga umid bildirib, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan O‘zbеkiston davlat san’at va madaniyat instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov ushbu konferensiyada Fransiya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Ozorbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi hamda yurtimizning 70 ga yaqin san’atshunos olimlari va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etishining o‘ziyoq ilmiy anjumanning xalqaro ahamiyati yuqori ekanligini, bugun bildirilajak fikr-mulohazalar, takliflar, albatta, kelgusida Markaziy Osiyo davlatlarida kino sohasining rivojiga hissa qo’shishiga umid bildirdi hamda konferensiyadagi ma’ruzalar to‘plam sifatida nashr etilganini ma’lum qildi.

Konferensiyaning yalpi majlisida “Kinoavangarddan kinoklassika (mumtoz kino) sari bosib о‘tilgan yо‘l”, “Новая ступень формирования и развития киноиндустрии в азербайджане”, “Kinoshunoslik fan sifatida”, “Современный кинематограф казахстана (2021-2024): тенденции и достижения”, “Teleseriallarning g‘oyaviy ifodasidagi izlanishlar”, “Поэтика кыргызского мироустройства в фильмах Клары Юсупжановой” kabi ko‘plab e’tiborli ma’ruzalar yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.

Shundan so‘ng konferensiya “Zamonaviy badiiy kino san’atining yetakchi tamoyillari”, “Hujjatli kino va televideniye audiovizual san’at turi sifatida”, “Kino-televideniye san’ati badiiy ta’limining shakllanishi va vorisiylik masalalari” kabi sho‘balarga bo ‘lingan holda davom ettirildi.

Konferensiya so‘ngida barcha ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.