Jamiyatning qo‘sh qanoti, ruhiy quvvati ma’naviyat va ma’rifatdir. Uning omma ongiga singdirilishi katta kuch va ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham ziyolilar bir tan-u bir jon bo‘lib, targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.
Joriy yilning 23-aprel kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tashkil etilgan “Ma’rifat ulashib” mavzusidagi madaniy-ma’rifiy tadbir ana shunday ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etdi.
Kechada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli ijodkorlar — Dilorom Karimova, Iqbol Qo‘shshayeva hamda Hulkar Hamroyeva ishtirok etdi.
She’riyatga oshufta talaba-yoshlarga ular tomonidan kerakli tavsiyalar berildi. Qizg‘in savol-javob mushoiraga ulanib ketdi. Tadbirda ijodkorlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikrlarini bildirdi, asarlaridan namunalar o‘qib berdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda milliy g‘oyani keng targ‘ib qilish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirishdan iborat. Uchrashuv davomida iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan chiqishlar ko‘rsatildi. Faol yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.