Tyutorlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati dekan va uning o‘rinbosarlari hamda tyutorlar bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda bir qator masalalar ilgari surildi. Shuningdek, berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha hisobotlar tinglandi. Rektor hech bir talabani bee’tibor qoldirmasdan, moddiy va ma’naviy jihatdan yordam berilishi kerakligini ta’kidladi.

«Barchamiz xalqimiz, mamlakatimiz uchun yetuk kadrlar chiqarish yo‘lida mehnat qilyapmiz. Salobatli daraxt yetishtirish uchun niholga mehr berib, uni parvarishlash kerak. Talabalarimiz ham shunday, ularning muammo va kamchiliklariga yechib topib, bilim olishi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoit yaratib bera olsak, savobga qolamiz», — dedi rektor v.b. Eldor Shermanov.

Shu bilan birga, institut ichki-tartib qoidalariga barcha birday amal qilishi lozimligi aytib o‘tildi:

«Qoidalar barcha uchun baravar bo‘lishi, unga men ham, siz ham, talabalar ham birday amal qilishi lozim. Qoidalarga to‘liq amalga qilgan holda bilim olish uchun kelgan yoshlarga bosim o‘tkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Ilm olishni, ijod qilishni istagan yigit-qizlarni imkonimiz yetadigan darajada qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz».

Yig‘ilish davomida tyutorlarning takliflari tinglandi hamda ularni tatbiq etish hamda mavjud muammolarga yechim topish borasida mas’ullarga topshiriq berildi.