Malaka oshirish tarmoq markazida tahsil olgan rahbarlarga sertifikat topshirildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti qoshidagi Malaka oshirish tarmoq markazida qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida tahsil olgan vazirlik tizimidagi professional ta’lim muassasalari rahbarlarini sertifikat bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov hamda institut rektori v.b. Eldor Shermanov ishtirok etdi.

«O‘ylaymanki, malaka oshirish kurslari barcha uchun foydali bo‘ldi. Bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda bilim olish uchun keng qamrovli imkoniyatlar mavjud. Bu ham davlatimiz rahbarining ta’lim sohasiga qaratayotgan e’tiboridan darak beradi. Biz imkon qadar sizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermanov Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi professional ta’lim muassasalari rahbarlari bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari to‘g‘risida fikr bildirib, bu jarayon amaliy va bardavom bo‘lishiga tilakdosh ekanligini aytdi.

Marosim so‘ngida malaka oshirish kurslarida tahsil olgan rahbarlar sertifikatlar bilan taqdirlandi. O‘z navbatida ular tomonidan vazirlik hamda institut rahbariyatiga minnatdorchilik bildirildi.