So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi madaniy aloqalar sezilarli darajada rivojlandi. Ushbu hamkorlik turli yo‘nalishlarda amalga oshirilib, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shu jumladan, ta’lim sohasidagi hamkorlik doirasida 2022-yil O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va Janubiy Koreyaning Sungshin universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi. Ushbu bitim madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, madaniy tadbirlarni birgalikda o‘tkazishni nazarda tutadi.

Hamkorlik doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu tadbirlar ikki xalqning milliy madaniyatlari va san’atini bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan bo‘lib, har ikki mamlakat madaniyatining boyligi va xilma-xilligini namoyish etadi.

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Sungshin universiteti professori Kim Me Suk badiiy rahbarligida «Ipak yo‘li yog‘dusi» nomli konsert dasturi namoyish etildi. Unda koreys va o‘zbek milliy va zamonaviy raqslari ijro etildi. Tadbir davomida ikki xalqning madaniy merosi sahna yuzini ko‘rdi.

Badiiy kechadagi jozibador ko‘rinishlar o‘quv teatriga tashrif buyurgan tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Mazkur tadbir hamkorlikning yanada rivojlanishiga xizmat qilib, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi hamda kelgusida qo‘shma loyihalarning yanada kengayishiga zamin yaratadi.