Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram konserti tashkil etildi.
Tadbirni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor Sobir Jumayev ochib berib, ortda qolgan o‘quv yilida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, soha bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar to‘g‘risida fikr yuritdi hamda barcha ustoz-murabbiylarga sihat-salomatlik, omad va muvaffaqiyat tiladi.
Shu bilan birga, ayni damda xizmat safari bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan institut rektori v.b. Eldor Shermanov tomonidan yo‘llangan videomurojaati namoyish etildi.
Konsert dasturida xalq artistlari, xalq hofizlari bilan bir qatorda iste’dodli talabalarning chiqishlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Qayd etish joiz, bayram arafasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʻi bilan oliygohimizning ikki nafar professor-o‘qituvchisi “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.