O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevralda “О‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qо‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tо‘g‘risida” PF-37-sonli Farmoni, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus ijrosi yuzasidan hamda yosh iqtidorli madaniyat va san’at menejerlarni aniqlash, kreativ fikrlashga oʻrgatish, talabalarni boshqaruv va rahbarlik sanʼatiga yanada qiziqtirish, oʻz fikrlarini loyihaga aylantirishda koʻmaklashish, shuningdek, jamoada liderlik salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining madaniyat va san’at menejmenti kafedrasi tomonidan “Yangi Oʻzbekiston – madaniyat menejerlarini kashf etamiz” loyihasining II fasli o‘tkazildi.

Loyiha madaniyat va san’at sohasida juda ko‘p yillar mehnat qilgan, ko‘plab shogirdlar chiqargan marhum siyosiy fanlari nomzodi, professor Azamat Haydarov Haydarovichning xotirasiga bag‘ishlandi.

“Yangi O‘zbekiston – madaniyat menejerlarini kashf etamiz” loyihaning II faslida madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish hamda boshqarish ta’lim yo‘nalishining 1-2- va 3-bosqichda tahsil oluvchi iqtidorli talabalaridan tashkil topgan 3 ta jamoa, har bir jamoadan esa 15 nafardan ishtirokchilar oltita shart asosida bahs olib borishdi.

Qizg’in tarzda bo’lib o’tgan bellashuvda “Yangi O‘zbekiston madaniyat menejerlari” jamoasi birinchi, “Creator” jamoasi ikkinchi, “Rahbarlar” jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari, loyihada “Yangi O‘zbekiston madaniyat menejerlari” jamoasi a’zosi Behruz O‘tirqulov «Eng faol erkak menejer», “Creator” jamoasi sardori Oqila Ortiqboyeva esa «Eng faol ayol menejer» nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblikni qo’lga kiritishdi.

Loyiha so‘ngida ishtirokchilarga institut rahbariyati va hamkorlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.