O‘zDSMI professori Rustam Abdullayevning 70 yillik yubileyi nishonlandi

Joriy yilning 30-aprel sanasida xalq ijodiyoti fakulteti folklor va etnografiya kafedrasi professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, ustoz san’atkor Rustam Abdullayevning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan «Mehr-u muhabbat-la to‘la har onim» deb nomlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, Rustam Abdullayevning oliygohdagi o‘rni, uning fidoyi va mehanatkashligi hamda serqirra ijodi to‘g‘risida fikr bildirdi hamda o‘z tabrigini yo‘lladi.

Shuningdek, ustozning yaqinlari, do‘st-birodarlari va hamkasblari tomonidan tabriklar bildirilib, esdalik sovg‘alari ulashildi.

Konsertda Rustam Abdullayev, shuningdek, xalq xofizlari, xizmat ko‘rsatgan artistlar bilan bir qatorda kafedra o‘qituvchilari va iqtidorli talabalar tomonidan «Buxoro taronalari», «Dog‘i hijron», «Yallijon», «Ota», «Oshiqlar bazmi», «Ey go‘zal» va boshqa qo‘shiqlar ijro etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.