
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida yangi o‘quv yilini boshlayotgan 1-bosqich talabalari uchun tantanali kutib olish marosimi va «Talabalikka bag‘ishlov» konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlandi.
Yangi talabalar institut jamoasi tomonidan karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Shundan so‘ng Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Mustaqillikning 35 yilligi va yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, institutning 1-bosqichiga qabul qilingan yoshlarni talabalik hayotining boshlanishi bilan qutlab, bugungi kunda mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yosh ijodkorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida ta’kidlab o‘tdi. U talabalarni doimo izlanishga, ilm-fan va ijod cho‘qqilarini zabt etishga chorladi.
O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Sobir Madiyev ham yangi talabalarni talabalik baxti bilan muborakbod etib, kelgusidagi o‘qishlarida omad va zafarlar tiladi.
Institut rahbariyati ham tabrik so‘zlari bilan chiqib, barcha ishtirokchilarga qo‘shaloq bayram quvonchini tiladi. O‘qishga yuqori ball bilan qabul qilingan 1-bosqich talabalariga «Tashakkurnoma»lar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirning muhim va ramziy qismi bo‘lgan talaba qasamyodi marosimida yangi talabalar o‘z bilim va iste’dodlarini rivojlantirish, ustozlar sabog‘iga sadoqat bilan amal qilish, san’at va madaniyatning yuksak qadriyatlarini asrab-avaylash, milliy san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda tanlagan kasblariga fidoyilik bilan xizmat qilishga tantanali ravishda va’da berdilar.
Bayramning badiiy qismida inson qalbining nozik kechinmalari, ezgu tuyg‘ular, mehr-muhabbat, hayot va Vatanga muhabbatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, raqslar hamda mazmunli sahna chiqishlari namoyish etildi. Rang-barang va ko‘tarinki ruhdagi ijodiy dastur tomoshabinlarga bayramona kayfiyat va unutilmas taassurotlar ulashdi.
Bir paytlar aynan shu dargohda tahsil olib, ilk ijodiy qadamlarini qo‘ygan, bugun esa el e’tirofi va muxlislar mehriga sazovor bo‘lgan taniqli san’atkorlarning chiqishlari, ayniqsa, institutga endigina qadam qo‘ygan talabalar uchun katta taassurot qoldirdi. Ularning ijrosi yoshlar uchun san’at yo‘lidagi orzularini yanada mustahkamlash, o‘z ustida tinimsiz ishlash va kelajakda ana shunday katta sahnalarda munosib o‘rin egallashga undovchi ilhom manbaiga aylandi.
«Talabalikka bag‘ishlov» tadbiri yangi avlod ijodkorlari uchun unutilmas boshlanish, ezgu niyatlar va katta orzular sari qo‘yilgan ilk qadam bo‘ldi.

