
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida “Yagona Vatan g‘oyasi — yoshlar ongida” shiori ostida forum o‘tkazilmoqda.
Forum doirasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hujjat doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi, stajirovka va amaliyotlarni tashkil etish, malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, tayanch doktorantura va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tomonlar professor-o‘qituvchilar ishtirokida ma’ruzalar, mahorat darslari va ilmiy-amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari bo‘yicha ilmiy maslahatlashuvlar olib borish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish, konferensiya, seminar, simpozium va davra suhbatlarini birgalikda o‘tkazishga kelishib oldilar.
Memorandum doirasida qo‘shma ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlarni yaratish hamda nashr etish, milliy va xalqaro grant loyihalarida hamkorlik qilish, ilmiy nashrlar va ilg‘or tajribalar almashinuvi, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda xalqaro akademik reytinglar yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilgan.
Mazkur memorandum ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarning ta’lim olishi, ilmiy-ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarni egallashi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

