26-iyuldan 11-avgustga qadar butun dunyo e’tibori Fransiya poytaxti Parij shahriga qaratildi. Negaki bu yerda to‘rt yillikning eng nufuzli sport tadbiri — yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli musobaqada yurtimiz sportchilari Yangi O‘zbekistonning jahonda oshib borayotgan obro‘-e’tiboriga munosib tarzda ishtirok etib, tarixiy g‘alabalar va rekordlar qayd etishdi.
Jumladan, 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan medallar soni va sifati bo‘yicha dunyo miqyosida 13-o‘rin, Osiyoda 4-o‘rinni egallagan bo‘lsak, MDH davlatlari, Turkiy tilli davlatlar o‘rtasida mutlaq tengsiz bo‘ldik. Shu jumladan, boks bo‘yicha 5 ta oltin medal qo‘lga kiritgan holda mazkur sport turida dunyo miqyosida eng yaxshi natijani qayd etdik.
Diyora Keldiyorova yurtimiz tarixida dzyudo sport turida ilk oltin medal sohibasi va yozgi Olimpiya o‘yinlarida xotin-qizlar o‘rtasida ilk chempionimizga aylandi.
Bokschilarimiz — Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘stmatov hamda taekvondochimiz Ulug‘bek Rashidovlar ikki karra Olimpiada chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, erkin kurash bo‘yicha Razambek Jamalov, boks bo‘yicha Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Lazizbek Mullajonov va Abdumalik Xalakovlar oltin medal, og‘ir atletika bo‘yicha Akbar Jo‘rayev va taekvondo bo‘yicha Svetlana Osipova kumush medal hamda erkin kurash bo‘yicha G‘ulomjon Abdullayev, dzyudo bo‘yicha Muzaffarbek To‘raboyev va Alisher Yusupovlar bronza medallarini qo‘lga kiritib, eng aziz, eng ulug‘ bayram — Mustaqilligimizning 33 yilligiga munosib sovg‘a va yurtdoshlarimizga ulkan quvonch taqdim etishdi.
Shuningdek, sportchilarimiz Parij Olimpiadasida sportning futbol, suvga sakrash, kamondan otish va ayollar kurashi turlari bo‘yicha ilk bor ishtirok etishdi.
Albatta, bunday olamshumul yutuqlar va g‘alabalar zamirida Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlik, yoshlarni har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar mujassamdir.
Davlatimiz rahbari mazkur yutuqlarni oldindan ko‘ra olgan edilar. Zero, 2021-yildayoq Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘n beshtalikka kirish imkoniyatimiz borligini ta’kidlab o‘tdilar. Ko‘rib turganimizdek, bugun sportchilarimiz jahonda 13-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Guvohi bo‘lganimizdek, Prezidentimiz har bir g‘olib sportchimiz bilan muloqot qilib, ularni g‘alaba bilan muborak etdilar. Sportchilar va sportga bunday yuksak e’tiborni boshqa bir davlatda uchratmaysiz. Albatta, sportchi yoshlarimiz ham bunday e’tiborga munosib tarzda Yangi O‘zbekistonning jahon miqyosidagi obro‘sini yanada oshirishga xizmat qilayotganlari quvonarli hol.
Aziz yurtdoshlar, barchangizni sportchilarimizning tarixiy g‘alabalari bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etamiz!
Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor.