Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga sayyohlarni ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda Kinematografiya agentligiga milliy tarix bo‘yicha kamida 50 ta badiiy, hujjatli va musiqali asarlar yaratish dasturini ishlab chiqish topshirig‘ini bergandi.

Bugun «Renessans» kino uyida Kinematografiya agentligi tomonidan ishlab chiqilgan «Tirik tarix» turkumidagi filmlar dasturining kengaytirilgan muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda san’at arboblari, olimlar, kinoijodkorlar, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchi va talabalari hamda kino ixlosmandlari ishtirok etdi.

«Tirik tarix» turkumidan 2024–2030-yillarda yaratiladigan tarixiy hamda tarixiy-biografik filmlar o‘rin olgan.

Dastur 8 ta turkumni o‘z ichiga olgan bo‘lib, 50 ta kinoloyihadan o‘ttiz beshtasi badiiy, ikkitasi badiiy-publisistik va animasion film, bittasi qisqa metrajli badiiy film, kinoserial hamda animasion serial hisoblanadi.

Muhokamada mutaxassislar tomonidan taklif va mulohazalar bildirildi. Shu o‘rinda, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov hamda Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati kafedrasi mudiri Iqbol Meliqo‘ziyev dastur bo‘yicha o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, suratga olinadigan filmlarda oliygoh talabalari qamrovi yuqori bo‘lishi, ularni malaka oshirish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborish masalalari ko‘rib chiqildi.