
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev rahbarligida “O‘zDSMI xabarlari” bosma jurnali hamda “O‘zbekiston madaniyati va san’ati” va “Ijodiy parvoz” elektron jurnallari tahrir hay’ati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig’ilishda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov, shuningdek, tahrir hay`ati a`zolari hamda bo‘lim xodimlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida N.Sayfullayev jurnallar faoliyatini yanada takomillashtirish, uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligini alohida qayd etdi. Rektor tomonidan nashrlarning ilmiy saviyasini oshirish, xalqaro talablarga moslashtirish, tahrir jarayonini tizimli tashkil etish hamda jurnal faoliyati bo‘yicha aniq yo‘l xaritasini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.

Yig’ilish chog’ida tahrir hay’ati tarkibini qayta ko‘rib chiqish, bo‘lim faoliyati samaradorligini oshirish hamda “Ijodiy parvoz” elektron jurnalining nizomini tasdiqlash masalalari ko`rib chiqildi.
Shuningdek, yosh tadqiqotchilar va iqtidorli talabalarni jalb etish, ilmiy maqolalar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari muhokama chog’ida “O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xabarlari” ilmiy jurnalining bugungi faoliyati, uning OAK ro‘yxatidagi o‘rni va nashr samaradorligi muhokama qilindi. Jurnal san’atshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalarini e’lon qilishga xizmat qilayotgani, maqolalar qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

Jurnalga kelib tushayotgan maqolalar sonining ortib borishi hamda ularni tahlil qilish jarayonidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida tahrir hay’ati tarkibini optimallashtirish bo‘yicha takliflar ham bildirildi. Ayrim a’zolar sog‘lig‘i yoki boshqa nashrlardagi faoliyati sababli tahrir hay’ati tarkibidan chiqarilishi, ularning o‘rniga sohaga ixtisoslashgan yangi mutaxassislarni jalb etish taklif qilindi.

Shuningdek, jurnalni “Kutubxona” va “Pedagogika” ixtisosliklari bo‘yicha OAK ro‘yxatiga kiritish masalasiga ham e`tibor qaratildi.
Majlisda “O‘zbekiston madaniyati va san’ati” ilmiy-uslubiy, nazariy-amaliy elektron jurnalining faoliyati ham muhokama qilindi. Mazkur jurnal 2025-yilda OAK ro‘yxatiga kiritilgani, qisqa fursatda bir nechta sonlari chop etilgani va institut hisobiga investitsiya jalb etilgani ta’kidlandi.

Jurnal faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur texnik jihozlar bilan ta’minlash, dizayn va maket ishlarini shartnoma asosida amalga oshirish, shuningdek, xalqaro ilmiy bazalarga integratsiyalashish maqsadida jurnalning rasmiy veb-saytini yaratish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda “Ijodiy parvoz” nashrini adabiy-badiiy, ilmiy-ommabop, madaniy-ma’rifiy elektron jurnal shakliga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Ushbu jurnal talabalar va yosh ijodkorlarning ilmiy va ijodiy ishlarini targ‘ib etishga qaratildi. Jurnal nizomi hamda tahrir hay’ati a’zolari tarkibi muhokama qilinib, tegishli takliflar bildirildi.

Majlis yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
