Rahbariyat

Ota-onalar va abituriyent-yoshlarga
MUROJAAT

Assalomu alaykum, hurmatli ota-onalar va abituriyentlar!

➡️ Hech sir emaski, Hurmatli Prezidentimiz Shavkat  Mirziyoyevning e’tibor va g’amxo’rliklari natijasi o’laroq,  bugun milliy sanʼatimizda oʻz fikri, uslubi va dunyoqarashiga ega yosh ijodkorlar avlodi shakllanmoqda. Ularning ijodiga nazar solar ekansiz, kreativlik, inson fikrining erkin ifodasi, atrofda boʻlayotgan voqea-hodisalarga boʻlgan tezkor munosabatga guvoh bo’lasiz. Bir so’z bilan aytganda, ushbu yoshlar Yangi O’zbekistonning bugungi salobati-yu salohiyatiga monand tarzda mushtasham san’ati va madaniyatining bunyod etilishiga o’z hissasini qo’shmoqdalar.

➡️ Hozirda oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari ostonasida turibmiz. Bu jarayonning natijasi yurtimiz kelajagi uchun bevosita aloqador boʻlgani uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Avvalo, kirish imtihonlarida barchangizga omad yor boʻlishini tilab qolaman.

➡️ Bugun siz tanlagan Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti yurtimizda aktyorlik, rejissyorlik, kinoteleoperatorlik, sanʼatshunoslik, folklor ijrochiligi, milliy qoʻshiqchilik, xalq cholgʻulari ijrochiligi,  madaniyatshunoslik, kutubxonashunoslik hamda madaniyat va sanʼat menejmenti taʼlim yoʻnalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan hisoblanadi. Bu yerda oʻz ijodiy va ilmiy faoliyati bilan nafaqat yurtimiz, balki jahon sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshgan   ustoz sanʼatkorlar va yosh umidli professor-oʻqituvchilar talabalarga sanʼat sirlaridan saboq berib kelmoqdalar.

Aziz abituriyentlar!
Hurmatli ota-onalar!

➡️ Ishonchingiz komil boʻlsinki, qabul va kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari adolatli va shaffof holda tashkil etilishi uchun institutimizda barcha zaruriy choralar koʻrilmoqda. Jumladan, barcha imtihon jarayonlari videokuzatuv kameralari yordamida yozib olinadi hamda institut rasmiy veb-saytida onlayn tarzda namoyish etiladi.

➡️ Abituriyentlarning ijodiy, amaliy ishlarini baholashga komissiya raisi sifatida institutimizda faoliyat yuritmaydigan taniqli sanʼatshunos olimlar, faxriy unvonga ega boʻlgan mashhur teatr va kino rejissyorlari, aktyorlari, xonandalar, sozandalar kinoteleoperatorlar jalb etilgan. Imtihon natijalari shu kunning oʻzida kechki payt institutning www.dsmi.uz veb sayti orqali eʼlon qilinadi.

➡️ Eng asosiysi, qabul jarayonlarida korrupsiya, tanish-bilishchilik kabi holatlar kuzatilmasligi uchun institut tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda barcha zaruriy choralar koʻriladi.Bugun talabalikka tavsiya etiladigan yoshlar sohaning ertasini belgilab berishini anglagan holda, bu jarayonga institutning barcha xodimlari jiddiy eʼtibor bilan yondoshmoqdalar. Oʻz navbatida, sizlar ham bu jarayonda begona kishilarga emas, iqtidoringiz va bilim salohiyatingizga ishoning. Hurmatli ota-onalar, shuni unutmangki, bugungi tutgan oqilona yoʻlingingiz natijasida farzandingizning kelajagini yanada yorqinroq boʻlishiga hissa qoʻshgan boʻlasiz. Halollik va poklik qoidalari asosida tarbiyalab, voyaga yetkazgan aziz farzandingizning katta hayotga qoʻyayotgan ilk qadamlarini korrupsiya va firibgarlik kabi jirkanch illatlar taʼsirida boʻlishidan asrang. Yana bir bor barchangizga sihat-salomatlik hamda kirish imtihonlarida omad yor boʻlishini tilab qolaman!

Nodirbek Sayfullayev,
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori, professor

➡️ Imtihon jadvali bilan tanishish

➡️ Kasbiy(ijodiy) imtihon jarayonini jonli translyatsiya orqali tomosha qilish