Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida xalq ijodiyoti fakulteti ashula va raqs ta’lim yo‘nalishi ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabalarining «Raqslar jilosi» nomli sinf konserti bo‘lib o‘tdi.
Dastlab institut rektori v.b. Eldor Shermanov so‘zga chiqib, talabalarga ilmiy-ijodiy muvaffaqiyat tiladi.
«Talabalik davri inson hayotining eng gullagan, intilishlar cho‘qqisida bo‘lgan hamda shirin xotiralarga boy bosqichi hisoblanadi. Talabalik bejizga oltin davr deyilmaydi. Men uchun quvonarlisi, bugungi konsert dasturida ishtirok etayotgan barcha yigit-qizlarning tanish ekanligidadir, ya’ni ular yillar davomida o‘z ijodiy chiqishlari bilan biz va ustozlar e’tiboriga tushgan. O‘ylaymanki, ularning barchasi yetuk san’atkor, olim, rahbar bo‘lib yetishadi. Faqatgina ulardan ilm olish, ijod qilish va intilishdan to‘xtab qolmasliklarini so‘rab qolardim. Barchangizga omad va zafarlar tilab qolaman» — dedi Eldor Shermanov.
Tadbir davomida talabalar hayoti aks ettirilgan videolar jamlanmasi, shuningdek, bir-biridan go‘zal xalqona va zamonaviy raqs ijrolari namoyish etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.