Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi markaziy apparati xodimlari, Toshkent shahrida joylashgan Oliy taʼlim muassasalari rektorlari va filiallari direktorlari hamda Toshkent shahrida joylashgan Akademik litseylar va professional taʼlim muassasalari direktorlari tashrif buyurib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf dostoni asosida sahnalashtirilgan «Qora quyosh» spektaklini tomosha qilishdi.
O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo va Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Shavkat Do‘stmuhammad inssenirovkasi asosida O‘zbek davlat musiqali drama teatri bosh rejissyori Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan mazkur spektaklda oʻtgan asrning buyuk adiblari Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi xalqimizning vatanparvar farzandlarining vatan ozodligi yoʻlidagi mashaqqatli taqdirlaridan hikoya qilinadi.
Spektakl tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Shu o‘rinda, vazirlik mutasaddilari tomonidan sahna asari uchun minnatdorchilik bildirildi hamda bosh rol ijrochisi Ulug‘bek Musinovga esdalik sovg‘asi tuhfa etildi.