Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari bilan bir qatorda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etdi.
Bugun oliygohda Prezident tashabbuslari ijrosini ta’minlash hamda islohotlar bilan yoshlarni tanishtirish maqsadida yig‘ilish tashkil etildi. Unda sohalar oldidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Institut rahbariyati tomonidan kelgusi yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
«Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan juda katta tashabbuslar ilgari surildi. Albatta, davlatimiz rahbarining madaniyat va san’at sohasiga bu qadar jon kuydirayotgani barchamizda faxr tuyg‘usini uyg‘otishi lozim. Bu ham bizga mas’uliyat bilan rivojlanish olg‘a qadam tashlashimizga turtki beradi. Barchamiz Yurtboshimiz islohotlariga kamarbasta bo‘lishimiz va ishonchni oqlashimiz lozim», — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Yig‘ilish davomida Prezident ilgari surgan tashabbuslar uchun institut professor-o‘qituvchilari tomonidan ham minnatdorchilik bildirildi. Shu bilan birga, soha rivojiga oid vaziflarni bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan mas’ul shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.