­So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar sezilarli darajada rivojlanmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin aloqalar nafaqat siyosiy, balki madaniy va ijtimoiy sohalarda ham mustahkam ko‘rinishga ega bo‘lmoqda.

Buning yorqin namunasi o‘laroq, joriy yilning 9–14-iyun kunlari O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyat kunlari tashkil etilmoqda. Haftalik doirasida ko‘plab madaniy tadbirlar rejalashtirilgan bo‘lib, ular ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan.

Jumladan, 12-iyun kuni Ozarbayjonning bir guruh ijodkor vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Ozarbayjonning mashhur Yug‘ teatr studiyasi tomonidan taniqli yozuvchi va dramaturg Ilg‘or Fahmiy pyesasi asosida sahnalashtirilgan «Men bu… menman» spektakli namoyish etildi.

Spektakl ijodiy jamoasi tomoshabinlarni bir yarim soat davomida XIV asrda yashab, ijod qilgan buyuk ozarbayjon shoiri, faylasufi va mutafakkiri Imodiddin Nasimiyning hayot tarzi, falsafasi, haqiqatgo‘yligi va muhabbati bilan tanishtirdi.

Shuningdek, spektakldan so’ng institut rektori va Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi mas’ul xodimlarining muloqoti ham bo’lib o’tdi.

Bundan tashqari, Ozarbayjon maqom markazi direktori Sahib Pashazade ham oliygohda bo‘lib, O‘zDSMI rektori, professor Nodirbek Sayfullayev va institut jamoasi bilan uchrashib, ikki qardosh xalq o’rtasidagi do’stona aloqalar haqida o’zining iliq fikrlarini bildirib o’tdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Ozarbayjon maqom markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum ikki davlat san’atkorlari, professor-o‘qituvchilari hamda talabalari o‘rtasida tajriba almashish imkoniyati yaratiladi. Bu milliy madaniyat va san’atni yangi bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, maqom san’ati bo‘yicha qo‘shma tadbirlar, konsertlar, seminarlar va mahorat darslari tashkil etiladi. Tadbirlar ikki mamlakat san’atkorlari o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatishga va yangi ijodiy g‘oyalarni amalga oshirishga zamin yaratadi. Qolaversa, san’at va madaniyat sohasidagi ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy tadqiqotlar, tajribalar va innovatsiyalar almashinuvi amalga oshiriladi. Bu esa ta’lim sifatini oshirishga va ilmiy izlanishlarning rivojlanishiga yordam beradi.

Shu bilan birga, Sahib Pashazadega O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining faxriy professori unvoni topshirildi. Mazkur unvon ikki mamlakat hamkorligining yorqin namunasi sifatida taqdim etildi.

Ozarbayjon madaniyat kunlari doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ijtimoiy aloqalarni yanada rivojlantirishga, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi hamda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.