O‘zDSMIda ma'naviy-ma'rifiy islohotlar rivojiga e'tibor qaratilmoqda

9-avgust kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori boshchiligida ma’naviy-ma’rifiy masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda barcha prorektorlar, fakultet dekanlari va ularning o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, tyutorlar hamda boshqa mas’ul xodimlar ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, belgilangan vazifalar ijrosini tizimli yo‘lga qo‘yish, talabalarning institut ichki tartib-qoidalariga rioya qilishini ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, talabalar turar joyini yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar sifatli ta’mirlash va yigit-qizlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhim ekanligiga e’tibor qaratildi.

Institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev mamlakat Prezidenti tomonidan ilgari surilgan islohotlarni amalga oshirishda har bir xodimning birdamlik va fidoyilik bilan harakat qilish zarurligini alohida ta’kidladi. Qolaversa, har bir xodim oliygoh rivoji uchun o‘z vazifasiga halol va sidqidildan yondashishi lozimligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilish so‘ngida kelgusidagi aniq vazifalar belgilab olinib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Topshiriqlarning ijrosi muntazam ravishda nazorat qilinishi hamda ularning bajarilish jarayoni yuzasidan hisobot berish talabi qo‘yildi.