O‘zDSMI rektori Mustaqillik bayrami tayyorgarlik jarayonida ishtirok etayotgan institut talabalari bilan uchrashdi

Mustaqillik – bu xalqimiz uchun eng ulug‘ ne’mat, buyuk orzularimiz va yuksak intilishlarimiz timsoli, xalqimizning milliy iftixori, kelajagimiz poydevori. Ushbu ulug‘ ayyomni munosib kutib olish va nishonlash har birimiz uchun sharafli burchdir.

Joriy yil O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab katta tantanalar bilan nishonlanishi kutilmoqda. E’tiborli jihati, mazkur shodiyonalarga tayyorgarlik jarayonlarida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari ham faol ishtirok etishmoqda.

8-avgust kuni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev «Yangi O’zbekiston» bog’ida bayram shodiyonalariga tayyorgarlik jarayonida ishtirok etayotgan oliygoh talabalari bilan uchrashdi.

Muloqot davomida ushbu jarayon ijodkor talabalarining kelgusi faoliyati uchun ham katta ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlab o’tildi. Qolaversa, talabalarning tayyorgarlik jarayonidagi faolliklari ham e’tirof etilib, ular institut rahbariyati tomondan hamisha qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlandi. Shuningdek, talaba-yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishildi.

Uchrashuv so’ngida rektor tomonidan ayyom ishtirokchilariga institut ramzi tushirilgan futbolkalar va bosh kiyimlarni o‘z ichiga olgan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.