
Shu yilning 25-oktabr kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev boshchiligida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, “Milliy qo‘shiqchilik” kafedrasi professori Xayrulla Lutfullayev xonadonida bo‘lishdi.

Uchrashuv samimiy va iliq ruhda o‘tdi. Institut rektori Nodirbek Sayfullayev ustoz san’atkorni 80 yoshga to‘lgan qutlug‘ ayyomi bilan chin dildan muborakbod etib, unga sihat-salomatlik, bardavom ijod va yangi avlodni tarbiyalashdagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Tabrik davomida Xayrulla Lutfullayevning O‘zbekiston san’at maktabi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashdagi fidokorona mehnati, o‘ziga xos ijro maktabi va pedagogik faoliyati e’tirof etildi.
Institut jamoasi nomidan ustozga esdalik sovg‘alari topshirilib, shogirdlari, hamkasblari va izdoshlari nomidan samimiy tilaklar bildirildi.
Shuningdek, N.Sayfullayev o‘z so‘zida Xayrulla Lutfullayevning yo‘nalishida yaratgan ijodiy merosi nafaqat institut balki, milliy qo‘shiqchiligimiz uchun bebaho boylik ekanini ta’kidladi.

Ustozning milliy an’analarimizni asrab-avaylash va yosh avlod qalbida san’atga mehr uyg‘otish borasidagi xizmatlari alohida e’tirofga sazovor ekani qayd etildi.
Ma’lumot uchun: O’zbekiston Respublikasi Madadiyat vazirligi tomonidan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, professor Xayrulla Lutfullayevning 80 yilligiga bag’ishlangan ijodiy kecha joriy yilning 20-noyabr kuni Turkiston san’at saroyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Hozirda mazkur tantanaga qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, jumladan, konsert dasturi, videolavhalar, fotoko‘rgazmalar hamda ustozning ijodiy faoliyatini yorituvchi maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlanmoqda.
Xususan O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan Xayrulla Lutfullayev hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan xujjatli film tayyorlanmoqda.
Mazkur tadbir san’at ahli, ustoz-shogirdlar, talabalar hamda ustozning muxlislari uchun katta madaniy voqea bo‘lishi kutilmoqda.
