24-avgust kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Mahalla obod — yurt obod» shiori ostida keng qamrovli umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan maqsad institut hududi va atrof-muhitni obodonlashtirish, tozalikni ta’minlash, shuningdek, o‘qituvchilar va xodimlarni jamoaviy ishda birlashtirishdan iborat.
Hasharda institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev boshchiligida oliygoh professor-o‘qituvchilari va xodimlari faol ishtirok etishdi. Ular hududlarni obodonlashtirish, yo‘laklarni tozalash va boshqa turdagi obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdi.
Mazkur jarayondan so‘ng institut hududida doshqozonda osh damlanib, xayrli ishda faol ishtirok etgan barcha professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun mazali taom dasturxonga tortiq etildi.
Ushbu xayriya hashari natijasida institut hududi yanada go‘zal ko‘rinishga keldi, xodimlar orasida birdamlik kayfiyati kuchayib, do‘stona muhit yanada mustahkamlandi. Bu kabi tadbirlar institutda ilm-fan va madaniyat rivojiga xizmat qiladigan ijobiy muhit yaratishga ulkan hissa qo‘shadi.