Bugun “O‘zbekfilm” kinokonsernida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati” hamda “Kino, televideniye va radio rejissyorligi” kafedralari filiallarrining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Kinematografiya agentligi Bosh direktori, „Doʻstlik“ ordeni sohibi, „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi“ Shuxratilla Rizayev, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, O‘zbekfilm” kinokonserni direktori Baxodir Muxamedov, shuningdek, taniqli kino rejissyorlar, operatorlar, talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.


— Bugungi hamkorlik O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Kinematografiya uchun muhim qadamdir. Institutning ushbu kafedralar filiallarini tashkil qilinishi, milliy kino san’atimizda yangi kadrlarni kashf etishda yana bir muhim qadamlardan biri bо‘lmoqda, deydi- Shuxratilla Rizayev.

Shuningdek, u o’z so’zida “DUAL” ta’limning yo‘lga qo‘yilishi, bunday hamkorlik kinematografiyaning yangi avlodini shakllantirish sari olib borilayotgan oqilona say-harakatlardan ekanini aytdi. Bu loyiha ilm-fan, ijod va texnologiyani birlashtirishga, xalqaro talab darajasida mutahassis kadrlar tayyorlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Rektor Nodirbek Sayfullayev so‘nggi yillarda institutda amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning ta’lim sifati va ijodiy jarayonga bo‘lgan ijobiy ta’siri haqida so‘z yuritar ekan, jumladan shunday dedi:
—Bizning asosiy maqsadimiz — talabalarga nafaqat nazariy bilim berish, balki ularni bevosita sahna, ekran va madaniyat muassasalarida amaliy faoliyatga jalb etishdir ya’ni ishlab chiqarish bilan ta’lim intigratsiyasi uyg‘unligini ta’minlash. Bugun “O‘zbekfilm” kinokonsernida ikki yangi kafedra filialining ochilishi— shu yo‘nalishdagi say-harakatlarimizning mantiqiy davomidir.

Shuningdek, u mazkur tashabbus yosh mutaxassislarning malakasini oshirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida o‘qitish, milliy kino va teatr san’atini yangi bosqichga olib chiqish imkonini berishini ta’kidladi.

Rektor yangi filiallar faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, bu ishlar avvalohurmatli Yurtboshimiz tomonidan boshqa sohalarqatorida ta’limga, shuningdek, san’at va madaniyatga qaratayotgan muhim e’tibori natijasi ekanligini alohida ta’kidladi.

Baxodir Muxamedov tadbir davomida sо‘zga chiqib, “O‘zbekfilm” kinokonserni negizida ochilgan kafedra filiallari yosh ijodkorlar uchun beqiyos imkoniyatlar eshigini ochishi, talabalar endilikda o‘z bilimlarini amaliyot jarayonida, haqiqiy ijodiy muhitda mustahkamlashini aytib о‘tdi. Uning ta’kidlashicha bu hamkorlik kelajakda milliy kinomiz taraqqiyoti uchun yangi avlod professional mutaxassislarini yetishtirishda muhim o‘rin tutadi.



Shundan sо‘ng ishtirokchilar O‘zbekfilm” kinokonsernida kafedra filiali uchun tashkil etilgan xona bilan tanishdilar.
Bu yerda bо‘lib о‘tgan uchrashuv davomida О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan san’at arbobi Abdurahim Ismoilov, taniqli kinorejissyorlar О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan madaniyat xodimlari Jahongir Qosimov hamda Hilol Nasimov, kinoshunos, san’atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent Oybek Kopadze, oliy toifali operator Azizbek Arzikulovlar mazkur tashabbusni qо‘llab-quvvatlashar ekan, bu boradagi samimiya fikrlari bilan o’rtoqlashdi.
Ikki ijodiy tashkilot ishlariga muvaffaqiyatlar tilashdi.


Qizg‘in kechgan ijodiy suhbatlar sо‘ngida O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va “O’zbekfilm” kinokonserni о‘rtasida memorandum imzolandi.