Xabaringiz bor, shu kunlarda Respublika oliy ta’lim muassasalarida 2024/2025-o‘quv yili qabuli bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazilmoqda. Shu jumladan, bugun, 8-iyul kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Mazkur jarayonlar bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining Madaniyat va san’atni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Jenisbek Piyazov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Jenisbek Piyazov oliygoh rektori, professor Nodirbek Sayfullayev hamrohligida qabul komissiyasi a’zolari bilan muloqot qilib, har bir yo‘nalishga o‘z sohasi bo‘yicha eng kuchli, bilimli va iqtidorli abituriyentlar qabul qilinishi lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, vazir maslahatchisi abituriyentlar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashib, ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Qayd etish joiz, qabul va kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari adolatli va shaffof holda tashkil etish maqsadida oliygohda barcha zaruriy choralar ko‘rilgan. Jumladan, barcha imtihon jarayonlari videokuzatuv kameralari yordamida yozib olinib, institut rasmiy veb-saytida onlayn tarzda namoyish etilmoqda.
Abituriyentlarning ijodiy, amaliy ishlarini baholashga komissiya raisi sifatida institutimizda faoliyat yuritmaydigan taniqli san’atshunos olimlar, faxriy unvonga ega bo‘lgan mashhur teatr va kino rejissyorlari, aktyorlari, xonandalar, sozandalar kino-teleoperatorlar jalb etilgan.