
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev rahbarligida Dramatik teatr va kino san’ati kafedrasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tegishli mutasaddilar ishtirok etdi.
Ma’lumki, institutda 2024-yil davomida kafedralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar reyting indikatorlari bo‘yicha tahlil qilingan hamda uning natijalariga ko‘ra mazkur kafedra eng oxirgi o‘rinda qayd etilgan edi.
Nodirbek Sayfullayev kafedra 1945-yil Teatr san’ati instituti tashkil topgan kundan boshlab faoliyat ko‘rsatayotgani, u institutning birinchi va eng nufuzli kafedrasi bo‘lganini, bugungi kunda esa faoliyati qoniqarli darajada emasligini aytib, kafedraning faoliyatini takomillashtirish, yana avvalgi darajaga olib chiqish zarurligini, buning uchun kafedra jamoasi bir maqsad yo‘lida birlashishi, mehnat qilishi va salohiyatini yuzaga chiqarishi kerakligini qayd etdi.
Shuningdek, kelgusida kafedra tomonidan tarixiy qahramonlar hayoti hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqimiz hayotiga ta’siri aks etgan spektakllar sahnalashtirilishi, uni katta sahanalarda namoyish etish lozimligi qayd etildi.
Kafedra a’zolari ham so’zga chiqib, 2025-yil 3-yanvar kuni rektor boshchiligida 2024-yil yakunlari hamda 2025-yilda o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yigʻilishda belgilangan rejalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani, shuningdek, o‘tgan yildagi reytingda kafedraning qoniqarsiz natijasidan barcha tegishli xulosa chiqarganini aytib o‘tishdi.
Yig‘ilish davomida kafedraning kelgusi rejalari, xalqaro aloqalarini kengaytirish, salohiyatni oshirish, talabalar amaliyotini takomillashtirish va boshqa masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.
Rektor soha rivoji uchun ahamiyatli bo‘lgan har qanday taklif va fikrlarni tinglashga va ularni institut imkoniyati va vakolati doirasida amaliyotga tadbiq etishga tayyorligini bildirdi.
Yig‘ilish so‘ngida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi hamda institut rektorining tegishli buyrug‘iga ko‘ra Axmedova Zamfira Amirovna Dramatik teatr va kino san’ati kafedrasining mudiri vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani ma’lum qilindi.