O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev institutda tahsil olayotgan iqtidorli talaba-yoshlar, xususan, talabalar o‘quv orkestri jamoasi vakillari bilan uchrashdi.

Ma’lumki, joriy yilning 14-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan o‘tkazilgan muloqotida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Uchrashuvda ayni shu yig‘ilishda yoshlarga berilgan keng imkoniyatlar, yoshlar bilan ishlash tizimida yuz berayotgan o’zgarishlar haqida so’z bordi.

Shu bilan birga, Nodirbek Sayfullayev institutda tashkil etilayotgan ko’plab konsert dasturlarining yanada fayzli o’tishida boshqa ijodiy yo‘nalishlar qatorida ushbu orkestrning ham o’z o’rni borligini e’tirof etib o’tdi.

Tadbirda ishtirok etgan talabalar ham o‘z fikr-mulohazalarini bayon qilishdi.

Jumladan, «Folklor va etnografiya” ta’lim yo’nalishi 3-bosqich talabasi Bunyodjon Xabibullayev avvalgi uchrashuvda o’z mualliflik qo‘shiqlarini institut studiyasida yozish taklifini bergan hamda bu taklif qo‘llab-quvvatlangan edi. U o’z mualliflik qo’shiqlarini studiyada yozganini hamda yaqinda premyera qilish istagi borligini, bu kelgusida yetuk ijodkor bo‘lishi uchun katta imkoniyat bo‘lganini aytib, minnatdorchilik bildirdi.

«Cholg‘u ijrochiligi” ta’lim yo’nalishi 3-bosqich talabasi Jasmina Qo‘shshayeva fikr bildirar ekan, bunday e’tirofdan juda ham mamnun bo‘lganini hamda kelajakda bu ishonchni oqlashga harakat qilishini aytib, dutorchilar ansamblining ham kuylarini studiyada yozish istagini bildirdi.

Bundan tashqari, Rasuljon Maxmudaliyev, Sevinch Qanoatova, Jasurbek Bо‘riyev va boshqa talabalar ham fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishdi. Uchrashuvdagi barcha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Tadbir yakunida Nodirbek Sayfullayev Davlatimiz Rahbarining «Biz serg‘ayrat yoshlarimizga ishonganimiz uchun о‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qо‘ymoqdamiz, marrani baland olmoqdamiz» degan so’zlaridan iqtibos keltirib, institut rahbariyati talabalarning sohaga oid barcha loyihalarini qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Shuningdek, O’zbekiston Kasaba uyushmalari saroyida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan «Navoiydan taralgan mangu navolar» nomli teatrlashtirilgan konsert dasturida faol ishtiroki uchun orkestr rahbari va a’zolari hamda “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi mudiri “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.