Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov kutubxona-axborot faoliyati va xalq ijodiyoti fakultetlarining sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida institutda amalga oshirilayotgan islohotlar, oldinda turgan vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

«Yangi o‘quv yili bilan barchangizni tabriklayman. Ko‘pchiligingiz hayotdagi maqsadlaringizni belgilab olgan bo‘lsangiz kerak.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar barchaga kuch bag‘ishlashi lozim. Birgina madaniyat va san’at sohasida so‘nggi yillarda 100dan ortiq qaror va farmoyish imzolandi.

Albatta, sohani muammodan holi deb bo‘lmaydi. Misol uchun, ko‘pgina kutubxonalar hamon eskicha usulda faoliyat olib bormoqda. Ko‘pgina xorijiy mamlakat kutubxonalari to‘liq elektron tizimga o‘tgan. Biz ham ulardan ortda qolmaslikka harakat qilishimiz kerak.

Ortda qolayotgan yil davomida oliygohning ko‘pgina o‘qituvchisi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, professorlar soni sezilarli darajada oshdi.

Kelgusida siz yoshlarning ham shunday yuksak darajaga chiqishingiz ishonaman, faqat bilim olishdan hamda intilishdan to‘xtamang. Buning uchun qanday yordam kerak bo‘lsa, ko‘mak berishga tayyormiz» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Uchrashuv davomida sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabalarini oliygohda muntazam faoliyati yo‘lga qo‘yilgan sport va san’at to‘garaklariga jalb etish, shuningdek, ichki turizm doirasida tarixiy qadamjolar, shuningdek, muzey va teatrlarga sayohat tashkil etish masalalari ilgari surildi.

Shu bilan birga, talabalarda mavjud muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.