Janubiy Koreya oliygohi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Janubiy Koreyaning Cha tibbiyot universiteti professori Kim Mik Yung bilan uchrashdi.

Muloqot davomida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Unga ko‘ra, kelgusida qo‘shma dastur asosida musiqa terapiyasi yo‘nalishini tashkil etish borasida fikr almashildi.

«Tibbiyot va san’at bir-biridan yiroq tushuncha bo‘lishi mumkin, biroq ulardagi vazifa bir-biriga juda yaqin. Tibbiyotda odamning tana a’zolariga oid kasalliklar davolansa, san’at insonning qalbiga malham bo‘ladi», — dedi Eldor Shermanov.

O‘z navbatida, koreyalik professor ham bu fikrni ma’qulladi:

«Koreyada musiqa orqali shifo ulashish usuli keng tarqalgan. Jumladan, zamonaviy 3D ko‘zoynak orqali dipressiyaga tushgan bemorlar davolanadi».

Uchrashuv so‘ngida kelgusida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, mehmonlar uchun Muhammad Yusuf ko‘shkida folklor va etnografiya ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan turli ko‘rinishlar namoyish etildi.