Sir emaski bugungi kunda yoshlar mislsiz hajmdagi ma’lumotlar oqimiga duch kelmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali ularga turli xil fikrlar, g‘oyalar va qarashlar yetkazilmoqda.
Afsuski, ushbu axborotlar orasida jamiyatimiz mentalitetiga yot bo‘lgan, zararli va hatto yoshlar ongiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan g‘oyalar ham uchraydi.

Shu bois yoshlarni turli buzg‘unchi oqimlar va yot mafkuralardan asrash, ularni to‘g‘ri yo‘lga yetaklash jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Ana shunday dolzarb masalalar yuzasidan bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti Mirodil Haydarov, Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo’yicha rektor maslahatchisi Alisher Ischanov hamda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i Jahongir Karimovlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Mirodil Haydarov bugungi axborot texnologiyalari yuksak sur’atlarda rivojlanayotgan bir davrda axborotni saralash madaniyati, yolg‘on va soxta xabarlarni aniqlash, ularni ishonchli manbalardan tekshirish kabi masalalar haqida atroflicha fikr yuritdi.
U ta’kidlaganidek, ayniqsa diniy ma’lumotlarni olishda har bir yosh rasmiy va ishonchli sahifalarga murojaat qilishi zarur. Zero, noto‘g‘ri manbadan olingan birgina ma’lumot ham inson tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Suhbat davomida talabalarning qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.

Tadbir yoshlar ongida ma’rifat, tanqidiy fikrlash va mustaqil xulosa chiqarish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.