Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Turkiyadagi Istanbul madaniyat universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha rasmiy vakili Sevda Fayzullayeva tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida ikki oliygoh o‘rtasida do‘stona aloqalar, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tomonidan mahorat darslari tashkil etish borasida fikr almashildi.
Qolaversa, madaniyat va san’at menejmenti, dizayn, animatsiya va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Istanbul madaniyat universiteti 1997-yil 9-iyulida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda oliygohda 15 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Shu jumladan, joriy yil ellik nafarga yaqin o‘zbekistonlik yoshlar mazkur universitet talabasiga aylandi.
Istanbul madaniyat universiteti dunyoning eng yaxshi mingta oliygohi ro‘yxatidan o‘rin olgan oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.