Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Zamonaviy o‘zbek san’atida xalq madaniy merosi elementlaridan foydalanishning o‘ziga xosligi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
 
Anjumanning asosiy maqsadi zamonaviy o‘zbek san’atida xalq madaniy merosi elementlaridan foydalanishning o‘ziga xos jihatlarini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan o‘rganish, milliy an’ana va qadriyatlarning zamonaviy san’atdagi talqinini tahlil qilish hamda madaniy merosni asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Anjumanni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov ochib berib, xalq madaniy merosini asrab-avaylash, uni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish hamda zamonaviy san’at yo‘nalishlarida ijodiy talqin etishning ahamiyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, milliy san’at an’analarini zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish, ularni keng targ‘ib qilish va kelajak avlodga yetkazishda ilmiy tadqiqotlarning muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
 
Tadbir davomida xalq madaniy merosining zamonaviy o‘zbek san’atidagi talqini, milliy an’ana va qadriyatlarning ijodiy jarayondagi o‘rni, an’anaviy va zamonaviy san’at uyg‘unligi, innovatsion yondashuvlar hamda madaniy merosni targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi.
 
Anjumanda institut professor-o‘qituvchilari ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Jumladan:
— “O‘zbekiston nomoddiy-madaniy merosi muhofazasida hayotiylik masalalari” mavzusida “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi professori O‘razali Tashmatov;
 
— “O‘zbek an’anaviy dutor cholg‘u san’atida umumturkiy musiqiy integratsiya va turkiy-musiqiy kolorit” mavzusida “Folklor va etnografiya” kafedrasi dotsenti v.b., san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Izzat Yo‘ldoshev;
 
— “Zamonaviy o‘zbek teatrida xalq madaniy merosi: an’ana va novatorlik uyg‘unligi (Lazgi san’ati misolida)” mavzusida “Madaniyat va san’at menejmenti” kafedrasi dotsenti, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shoxrux Abdurasulov;
 
— “Zamonaviy o‘zbek san’atida badiiy jamoalar asosida rivojlantirish metodikasini takomillashtirish (ijrochilik misolida)” mavzusida “Milliy qo‘shiqchilik” kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Navro‘zbek Sobirov ma’ruza qildi.
 
Ma’ruzalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashilib, mavzular doirasida muhokamalar olib borildi. Anjuman yakunida tegishli taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan rezolyutsiya qabul qilindi.
 
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasining Yunusobod tumani madaniyat bo‘limi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
 
Anjuman yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
 
Anjuman xalq madaniy merosini ilmiy o‘rganish, milliy san’at an’analarini zamonaviy ijodiy jarayonlar bilan uyg‘unlashtirish hamda ularni kelajak avlodga yetkazish masalalarini muhokama qilish uchun ilmiy-amaliy maydon bo‘lib xizmat qildi.