21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Ona tilim — faxrim, g‘ururim” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirni institut rektori v. v. b. Sobir Madiyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xalqimizning milliy o‘zligini anglash, tarixiy xotirasi va ma’naviy qadriyatlarini e’zozlash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam bo‘lganini ta’kidladi. Shuningdek, ona tilini asrab-avaylash, uning boy imkoniyatlari va betakror jozibasini kelajak avlodga yetkazish har birimizning muqaddas burchimiz ekanini qayd etdi.

Ayniqsa, san’at va madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar zimmasiga ona tilimizning sofligi, go‘zalligi va ta’sirchanligini ijod orqali namoyon etishdek muhim vazifa yuklanishini ta’kidladi. Zero, teatr sahnasida yangragan badiiy so‘z, kuy-qo‘shiqlarda mujassam bo‘lgan milliy ruh va adabiy merosimizning sahnaviy talqini tilimizning ma’naviy qudratini namoyon etuvchi muhim vositalardir.

Tadbirda “Shuhrat” medali va “Do‘stlik” ordeni sohibasi, falsafa fanlari doktori, professor Sayyora To‘ychiyeva ham so‘zga chiqib, ona tilimizning millat ma’naviyati va madaniy taraqqiyotidagi o‘rni, uni qadrlash va rivojlantirishning ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdi hamda o’z ijodidan namunalar o’qib berdi.

Shundan so‘ng bayram dasturi institut professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirokidagi badiiy chiqishlar bilan davom etdi. Dastur davomida milliy adabiyotimiz, mumtoz she’riyatimiz va musiqiy merosimizning eng sara namunalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi, professor Orolmirzo Safarov ijrosidagi Alisher Navoiy g‘azaliga bastalangan “Zebo emas” qo‘shig‘i, “Nihol” mukofoti sovrindori Isroil Saidumarov tomonidan ijro etilgan “Ag‘yor ila” va “Yuzlaring” qo‘shiqlari badiiy dasturning yorqin lahzalaridan bo‘ldi. Shuningdek, talabalar tomonidan Alisher Navoiy g‘azallari mahorat bilan o‘qilib, mumtoz adabiyotimizning yuksak badiiyati va so‘z san’atining betakror jozibasi namoyon etildi.

Dasturdan o‘rin olgan “Vals” musiqiy asari, qoraqalpoq xalq qo‘shig‘i “Janonim”, “Ona tilim” qo‘shiqlari, “Surxoncha raqs”, hikmatli so‘zlar hamda Uyg‘un va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy” dramasidan Navoiy monologi tomoshabinlarga o‘zgacha taassurot bag‘ishladi. Shuningdek, “Muallim haqida rivoyat” sahna ko‘rinishi va “So‘z demay” musiqiy ijrosi orqali badiiy so‘zning tarbiyaviy ahamiyati, ustozga hurmat va milliy qadriyatlarga ehtirom g‘oyalari ifoda etildi.

Institutning professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan namoyish etilgan chiqishlar ona tilimizning nafaqat muloqot vositasi, balki milliy tafakkur, san’at va ma’naviyatning qudratli ifodasi ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Tadbir davomida ona tilimizga muhabbat, milliy merosimizga hurmat va san’at orqali ma’naviy qadriyatlarni kelajak avlodga yetkazish g‘oyalari o‘z ifodasini topdi.

Ona tilimiz — milliy o‘zligimiz va g‘ururimiz timsoli. Uni ardoqlash, nufuzini yuksaltirish barchamizning sharafli vazifamizdir.