Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 2024/2025-o‘quv yili kuzgi semestridagi fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar davom etmoqda.

❗️Bugun ushbu jarayonlarni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev bevosita kuzatib bordi.

Ta’kidlash joizki, ustozlar tomonidan ayni damda imtihon topshirayotgan talabalarning yutuqlari e’tirof etilishi barobarida, kelgusi ijodi uchun muhim bo’lgan ko’rsatma va tavsiyalar ham berib o’tilmoqda.

Rektor talaba-yoshlar va professor o‘qituvchilar bilan muloqot qilar ekan, bugun yurtimizda san’at va madaniyat rivojiga berilayotgan e’tibor va g’amxo’rlik yuksak darajada ekanligini qayd etib, oldimizda turgan eng muhim vazifa bu imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda yurtimiz san’ati rivojiga hissa qo’shish ekanligini ta’kidladi.

Imtihon jarayonlari haqida fikr bildirar ekan, institutda qabul jarayonlaridan boshlab barcha jabhalarda adolat va shaffoflik yagona va o’zgarmas tamoyil ekanligini, jumladan, yakuniy nazoratlar ham shu asosda tashkil etilayotganini, ta’magirlik va tanish bilishchilik kabi holatlariga yo’l qo’yilmasligini aytib o’tdi hamda bugun imtihon topshirayotgan yoshlar kelajakda san’atimizning buyuk darg’alariga munosib izdosh bo’lishlariga umid bildirdi.

Shuningdek, jarayonda Nodirbek Sayfullayev ayrim kafedralar faoliyati bilan ham tanishdi hamda kafedra a’zolari bilan kafedraning bugungi faoliyati va takomillashtirish masalalarini muhokama qildi va tegishli taklif va tavsiyalarini berib o‘tdi.