Buyuk Britaniyaning Goldsmits universiteti vakili Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti faxriy professoriga aylandi

Bugun Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga Buyuk Britaniya poytaxti London shahridagi Goldsmits universiteti qoshidagi “Ijodiy va madaniy tadbirkorlik instituti” direktori Jerald Lidston tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Jerald Lidston hamda oliygohimiz rektori v.b. Eldor Shermanov ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.Muloqot davomida madaniyat va sanʼat menejmenti, turizm, dizayn va boshqa sohalarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Eʼtiborlisi, Jerald Lidstonga Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti faxriy professori ilmiy unvoni topshirildi. Qolaversa, mehmon oliygohdagi dars jarayonlarini koʻzdan kechirdi.

Maʼlumot uchun, Jerald Lidston magistratura yoʻnalishidagi bir qator oʻquv dasturlari, jumladan, “Sanʼat va madaniyat siyosatini boshqarish” magistratura oʻquv taʼlim dasturi muallifi hisoblanadi. Mutaxassis dastlab sahna dizayneri, menejeri va yoritish boʻyicha dizayner sifatida faoliyat olib borgan boʻlib, Sharqiy Yevropa va AQSHda katta ish tajribasiga ega hisoblanadi.

Shuningdek, u O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bilan 5 yildan beri hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, institut professor-o’qituvchilari bilan hamkorlikdagi «Creativ Spark» grant loyihasi, qolaversa talabalarimizga ham bir necha bor dars mashg’uloti olib borgan.

Qolaversa, Britaniya Kengashi va boshqa agentliklarda hamda 20 dan ortiq mamlakatda sanʼat va madaniyatni boshqarish oʻquv kurslarida taʼlim bergan. Jumladan, Vyetnam Madaniyat, sport va turizm vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan hamda fond jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilgan “Sanʼat menejmenti” boʻyicha Xanoy madaniyat universitetida 12 yillik loyihani amalga oshirgan.

Bundan tashqari, mutaxassis Slovakiyada sanʼat menejmenti boʻyicha taʼlimni yoʻlga qoʻyish boʻyicha toʻrt yillik Britaniya Nou Xau jamgʻarmasi loyihasining direktori boʻlgan. Natijada, slovak tilida sanʼat menejmenti boʻyicha birinchi kitob nashr etildi hamda ushbu davlatda Britaniya Kengashining “Muzeyga yaqin boʻl” loyihasini amalga oshirgan.