Ayni damda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi xizmat safari bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

Bugun mamlakatda kino sohasiga ixtisoslashgan yetakchi oliygohlardan biri hisoblangan Chung-Ang universiteti bilan memorandum imzolandi.

Hamkorlik doirasida talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshiriladi. Jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari 6 oy mobaynida Chung-Ang universitetida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, 2024-yil O‘zDSMIda koreys oliygohi bilan hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim yo‘nalishi ochilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, kelgusida ikki oliygoh vakillari ishtirokida konferensiyalar, doktorlik dissertatsiyasi himoya ishlarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 1916-yil tashkil etilgan mazkur oliy ta’lim muassasasida 30 mingdan ortiq, shu jumladan, dunyoning 80 ga yaqin davlatidan 4 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Ulardan 40 nafari o‘zbekistonlik yoshlar hisoblanadi.

Universitet QS World University ro‘yxatida eng yaxshi 500 oliygohdan biri hisoblanadi. Shuningdek, ushbu dargoh Osiyoning eng yaxshi 50 universitetidan biri sanaladi.