Yig‘ilishda ZOOM platformasi orqali ishtirok etgan institut rektori dastlab jamoani yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan muborakbod etib, ushbu o’quv yilida yuksak marralarni zabt etishlarini tiladi.
Shuningdek, filialda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, madaniy va sport tadbirlari, o‘tkazilgan turli musobaqalar va tanlovlarda erishilgan natijalar, o‘quv auditoriyalari va boshqa binolarning 2024/2025-о‘quv yiliga tayyorgarlik holati, talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalalari kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishning tashkiliy qismida rektor O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Yusupov Quanishbay Baltabayevichni filial jamoasiga tanishtirdi.
Quanishbay Yusupov 1977-yil Qoqaqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida tavallud topgan. 1999-yil Nukus davlat pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi musiqa va dunyo madaniyati tarixi о‘qituvchisi. Falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega. Tayinlovga qadar filialning “Madaniyat faoliyati” kafedrasida faoliyat yuritgan.
Yig‘ilish yakunida Nodirbek Sayfullayev Quanishbay Yusupovga yangi lavozimida omadlar tilab, filialning ilmiy salohiyati oshirish bo’yicha tavsiyalar ham berib o’tdi.