
Ushbu filialga O‘zbekiston xalq artisti Lutfixonim Sarimsoqova nomi berildi.
Marosim avvalida Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov so’zga chiqib bu tashabbus talabalarning kelgusida yetuk ijodkor bo’lishida muhim ahamiyat kasb etishini, bu talabalarning bevosita amaliyot bilan chambarchas bog‘lanishlariga xizmat qilishini qayd etib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev bugun yurtimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi teatr san’ati rivoji, uning tom ma’nodagi ibratxonaga aylanishi uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratilayotgani, xususan, 2024-yil 22-noyabr kuni qabul qilingan “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Qarori soha taraqqiyotida tarixiy davrni boshlab berganini ta’kidladi.
Ushbu qaror yurtimiz teatrlariga mutaxassis-kadrlar yetkazib beruvchi oliy ta’lim muassasasi sifatida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining bugungi faoliyati uchun ham dasturul amalga aylanganini, jumladan filialning ochilishi ham ushbu qaror ijrosini ta’minlashga qaratilganini, kelgusida boshqa kafedralarning ham turli teatrlarda filiallari tashkil etilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali drama teatri direktori, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Azim Mullaxonov bu filial bir tomondan kelgusida talabalarning ijodiy mahoratining yanada sayqallanishi va amaliy tajribaga ega bo‘lishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan teatrning kelgusida yetuk mutaxassis-kadrlarga ega bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng teatr va institutning yosh ijodkorlari tomonidan tayyorlangan ariya va duetlarga navbat berildi.
Kafedra filiali uchun ajratilgan xona talabalar uchun juda ham qulay shaklda hamda milliylik asosida jihozlangan bo‘lib, jadid bobolarimizning portretlari, Lutfixonim Sarimsoqovaning hayoti va ijodiga oid fotosuratlar, musiqali teatr san’atining ulug‘ darg‘alarining suratlari bilan bezatildi.
Shuningdek, kitob javoni ham bo‘lib, undan sohaga oid muhim darsliklar, qo‘llanmalar va mumtoz adabiyotimiz namunalari o‘rin egallagan. Nodirbek Sayfullayev ushbu kitob fondini yanada boyitilishini va kelgusida shaxsan o‘zi kitoblar sovg‘a qilishini ma’lum qildi.
Ushbu xonaga televezor ham o’rnatilgan bo’lib, musiqali teatr tarixidagi eng durdona asarlarni tomosha qilish va tahlil qilish imkoniyati yaratilgan.
Lutfixonim Sarimsoqovaning shogirdlari O‘zbekiston xalq artistlari Mehri Bekchanova va Odina G‘oziyevalar filialga ustozning nomi berilganidan bag‘oyat mamnun ekanligini ta’kidlab, uning insoniy fazilatlari hamda o‘zbek musiqali teatri rivojida tutgan o‘rni haqida fikr bildirishdi. Bu filialga kelib tahsil oladigan o’quvchilar bilim bilan birgalikda albatta, ustozlardan tajriba ham o’rganishlarini, bu soha rivoji uchun muhimligini talkidlab, tashabbus uchun minnatdorchilik bildirishdi.