Hech sir emaski, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida nafaqat o‘z ijodiy potensiali bilan, shu bilan birga, intelektual salohiyati bilan ham yuqori natija ko‘rsatayotgan iqtidor egalari tahsil olishmoqda.
Bugun institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ana shunday iqtidor egasi Xalq ijodiyoti fakulteti Madaniyat va san’at sohasi menejmenti ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Zohidjon Jumanazarov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda institut rektori Zohidjon kabi iqtidorli talaba-yoshlar nafaqat institut, balki yurtimiz yoshlariga ham namuna bo‘lib kelayotganini, ushbu talabalardan bugungi kun yoshlarini qiziqtiradigan mavzulardagi loyihalar kutib qolishini hamda bu loyihalarni amaliyotga joriy etilishida qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanligini ta’kidladi.
O‘z o‘rnida talaba ham bunday e’tibordan mamnun ekanligini bildirib, kelgusida amalga oshirishni mo‘ljallagan loyihalari bilan tanishtirdi.
Shuningdek, suhbat jarayonida bugun yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va bu imkoniyatlardan unumli foydalanib yutuqlarga erishib kelayotgan yoshlar, institutda olib borilayotgan o‘quv va ijodiy jarayonlar haqida so‘z bordi.
Ma’lumot o‘rnida, Zohidjon Jumanazarov International cerification dasturining xalqaro IQ testida 40 soniya ichida 200 ball toʻplab, rekord natija qayd etgan. “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofotini “Yil kashfiyoti” nominatsiyasida qo‘lga kiritgan.
U bugun o‘qish bilan birgalikda, bir qancha loyihalar ustida ish olib bormoqda.