O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tadqiqotchi Barno Nurmanovaning «Zamonaviy o‘zbek teatrida sahnaviy obraz yaratish masalalari» mavzusida san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadqiqot mavzusining dolzarbligi va zarurati to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, jahon madaniy jarayonlarida teatr san’atining o‘rni, xalqaro integratsion aloqalar va ijtimoiy-mafkuraviy munosabatlarni mustahkamlashdagi ahamiyati tobora ortib borayotganligi ta’kidlandi.
Dissertatsiyada dunyo sahna san’atida yuzaga kelayotgan yangi tendensiyalar, modernizm yo‘nalishidagi oqimlar va uslubiy ifodaviy eksperimentlar teatrning ijodiy va badiiy-estetik ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilishi haqidagi fikrlar keltirildi. Shuningdek, jahon teatrlari dramaturgiya, rejissura, aktyorlik san’ati va boshqa komponentlarning badiiy yaxlitligini ta’minlashga intilayotgani va to‘laqonli sahnaviy obraz yaratish yo‘lida ijodiy eksperimentlar o‘tkazayotgani ta’kidlandi.
Ilmiy ish natijalari asosida quyidagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi:
– dramatik teatrlarda namunali aktyorlik talqinini jamoatchilik oldida tahlil qilish an’anasini yaratish;
– ustoz-shogird an’analarini saqlab qolish maqsadida aktyorlik va rejissorlik yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarni teatrlardagi ijodkorlar bilan bog‘laydigan tizimni yo‘lga qo‘yish;
– O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti teatr san’ati fakultetidagi professor-o‘qituvchilar va talabalarning xorijiy san’at ta’limi muassasalari bilan masofadan turib hamkorlik qilish tizimini ishlab chiqish;
– aktyorning sahnaviy obraz yaratishiga yordam beradigan ilmiy adabiyotlar va tarixiy shaxslarning sahnaviy obrazlari muhrlangan filmlarni tahliliy o‘rganish amaliyotini aktyorlik va rejissorlik darslarida joriy qilish va boshqalar.
Muhokamaga ko‘ra, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi Ilmiy kengashning deyarli barcha a’zolari dissertatsiyani bir ovozdan yoqlab ovoz berishdi.