Kino, televideniye va radio san’ati fakulteti «Cholg’u ijrochiligi va musiqa nazariyasi» kafedrasi Professional ta’lim: xalq ijodiyoti (cholg‘u ijrochiligi) ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabalarining bitiruv malakaviy imtihoni o‘tkazildi. Unda bitiruvchi talabalar mutaxassislik cholg’usi bo’yicha imtihonga tayyorlagan asarlarini ijro qildilar.
Imtihon jarayonida talabalar o‘zlarining ijrochilik san’atida egallagan bilim va ko‘nikmalarini ko‘rsatishdi. Ular chang, nay, doira, dutor, qashqar rubobi, afg’on rubobi, rubob prima, dutor bas, g’ijjak kabi cholg’ularda o‘z iqtidorlarini ko‘rsatishdi.
Sinovlarni yuqori malakali professor-o‘qituvchilar va sohaning tajribali mutaxassislari baholab borishdi. Ular talabalar ijrosini texnik mahorat, musiqiy ifoda, sahna madaniyati kabi mezonlar bo‘yicha baholashdi. Har bir talabaning ijrosi sinchkovlik bilan tahlil qilinib, ularning kuchli va zaif tomonlariga e’tibor qaratildi. Imtihonda institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ham ishtirok etdi.
Bitiruv imtihonlari orqali talabalar o‘zlarining ta’lim davomida olgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda muvaffaqiyatli qo‘llay olishlarini namoyish etishdi. Yakunda talabalar professor-o‘qituvchilar va mutaxassislardan qimmatli maslahatlar va tavsiyalar olishdi. Bu esa ularning kelajakdagi ijodiy faoliyatlariga katta hissa qo‘shishi shubhasiz.
Ushbu imtihonlar talabalarning ijodiy rivojlanishida muhim qadam bo‘lib, ularning kelgusidagi faoliyati davomida mahoratini oshirishga xizmat qiladi.