Teatr san’ati fakulteti dramatik teatr va kino aktyorligi ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich 302-guruh talabalari tomonidan Abdulla Qodiriy romani asosida tayyorlangan «Mehrobdan chayon» diplomoldi spektakli namoyishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dotsent Nodira Mahmudova rejissyorligida sahnalashtirilgan spektakl o‘quv teatriga yig‘ilgan tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
Qahramonlarning yuz qiyofasini shakllantirishda grim san’ati ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabalari ishtirok etib, shu orqali ular ham diplom ishi topshirdi.
Tadbir so‘ngida institut rahbariyati sahna asariga hissa qo‘shgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.
„Mehrobdan chayon“ romanida xonliklar davri zugʻumi muayyan darajada sezilsa ham, adibda goho tarafkashlik mayllari koʻrinadi. Adib amalda realizm mavqeida turgan tarixiy haqiqatni mumkin qadar haqqoniy ifodalashga intilgan. Romanda muallif yengil hazil-mutoyiba, kulgi-yumor, piching, kinoya-kesatiq, hajv orqali Solix maxdum tabiatiga xos „maqtab boʻlmaydigan“ xususiyatlarni batafsil koʻrsatadi. Bunday xususiyatlarning ichki va tashqi ijtimoiy ildizlarini ham ochadi. Ayni paytda mahdumning „hamma nuqsonlarini yuvib ketarlik“ fazilatini ham taʼkidlaydi: „nima boʻlganda ham maxdum oʻz zamonasining eng oldingi domlalaridan, Qoʻqon aksariyatining savodxon boʻlishlariga sababchi ustozlardan“. Romandagi Anvar bilan Raʼno obrazlari, bir qarashda, romantik qahramonlarday taassurot beradi. Barkamollik — aql-zakovat, doʻstga, sevgiga sadoqat, erk, adolat yoʻlidagi shijoat bobida ular afsona, doston qahramonlarini eslatadilar. Ishqiy mulohazalar bobida bu ikki yosh juda erkin, oralaridagi gap-soʻzlar bir qadar kitobiy, shoirona. Masalaga sinchiklab qaralsa, Anvar va Raʼnodagi favqulodda, kitobiy tuyulgan hislatlar, ularning „gʻayritabiiy“ xatti-harakatlari mantiqan va ruhiy jihatdan asoslangan. Ular maktab koʻrgan, yaxshi tarbiya, chuqur bilim olgan, Sharqning yuksak madaniyati, gumanistik gʻoyalarini oʻzlari uchun chin eʼtiqod, bosh maqsad qilib olgan odamlardir. Adib asar personajlari qismati bilan bogʻliq holda muhim tarixiy hodisalar, shaxslar, sarguzashtlar haqida ham maʼlumot beradi. Solih maxdumning kechmishi, ota-bobolari qismati bahonasida keltirilgan Amir Umarxonning kanizi toʻgʻrisidagi hikoya, haq ishlari uchun jabr koʻrgan Sayidxon, mulla Siddiq va Moʻminjonlarning achchiq qismati, Xudoyorxon tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Ogʻacha oyim sarguzashtlari, xon harami, xotinlari, oʻrdadagi qullar haqidagi aniq maʼlumotlar asarda salmoqli oʻrin tutadi. Ular bilan tanishganda hujjatli-tarixiy, publitsistik asar oʻqiyotganday boʻlasiz. Yozuvchi baʼzan qahramonlari tabiatini, xususan haramdagi qizlar fojiasini hazil-mutoyiba, oʻyin-kulgi orqali ochib beradi. Ammo bu kulgili boʻlib tuyulgan hodisalar zamirida jiddiy insoniy drama va shafqatsiz haqiqat yotadi. Xullas „Mehrobdan chayon“ hayot haqiqatini „orttirmay va kamitmay“ oʻz holicha jamiki qirralari, tovlanishlari bilan gavdalantirgan, xarakterlar olamini, ruhiyatini oʻziga xos ohanglar, boʻyoqlar vositasida kashf etib bergan oʻxshashi yoʻq badiiy obidadir.